Metodologiya
Hujjat qanday tekshiriladi
Bu sahifa tekshiruvning har bir bosqichini, foizlar qanday hisoblanishini va natijaning cheklovlarini ochiq tushuntiradi. Universitet, ustoz yoki talaba natijani qanday talqin qilishni aniq bilishi kerak.
Dvigatel versiyasi: v3.0-ensemble
1. Jarayon
- Matn ajratish. PDF yoki DOCX dan matn brauzerning o'zida ajratiladi. Tahlil chegarasi — 200 000 belgi (~111 bet); undan uzun qismi tahlil qilinmaydi va bu hisobotda ochiq ko'rsatiladi.
- Tayyorlash. Matn jumlalarga bo'linadi. Titul varag'i, standart akademik iboralar va me'yoriy-huquqiy formulalar hisobdan chiqariladi — ular har bir ishda bir xil bo'ladi.
- Maxfiylik. Tashqi qidiruvga ketishdan oldin ism, telefon, email, guruh va titul varag'i matndan olib tashlanadi.
- Qidiruv. Hujjatning boshidan oxirigacha teng taqsimlangan 8 ta jumla tanlanadi va manbalar bazalarida qidiriladi (2-bo'lim). O'zbek va rus matnlari uchun so'rovlar boshqa tilga tarjima qilinib ham qidiriladi.
- To'liq matn. Topilgan manbalardan hujjatga eng o'xshash 12 tasining to'liq matni yuklanadi: veb-sahifa, ochiq maqola (Unpaywall orqali qonuniy nusxa) yoki PDF (4 tagacha, 60 betgacha).
- Solishtirish. Har bir jumla manbalar bilan 3 so'zli iboralar bo'yicha solishtiriladi (3-bo'lim). Qo'shimcha: parafraz (AI yordamida), tarjima plagiati va ichki baza.
- AI tahlil (agar tanlangan bo'lsa). To'rtta mustaqil signal birlashtiriladi (4-bo'lim).
- Hisobot va sertifikat. Har bir mos jumla manbasi va havolasi bilan ko'rsatiladi; sertifikat QR-kod orqali saytda tasdiqlanadi.
2. Manbalar
| Manba | Nima beradi |
|---|---|
| Universitet arxivlari | Hamkor universitetlar shartnoma asosida bergan himoyalangan ishlar — faqat qaytarib bo'lmaydigan izlar saqlanadi; moslikda muassasa va yil ko'rsatiladi, muallif emas |
| O'zbek ilmiy jurnallari — o'z indeksimiz | inLibrary va OJS jurnallarining OAI-PMH metama'lumoti (sarlavha, annotatsiya) bazamizda; topilgan maqolaning PDF'i to'liq matn sifatida o'qiladi |
| Butun veb (Brave Search) | Jumlaning 8–14 so'zi tirnoq ichida qidiriladi — referat saytlari, bloglar, portallar |
| Crossref, OpenAlex, Semantic Scholar | Ilmiy maqolalar metama'lumoti va annotatsiyalari |
| CORE, Unpaywall, Zenodo, arXiv, EuropePMC | Ochiq to'liq matnlar, preprintlar (shu jumladan PDF) |
| CyberLeninka | Rus tilidagi akademik maqolalar — to'liq matn |
| PubMed, DOAJ, Google Books, Internet Archive | Tibbiyot, ochiq jurnallar, kitoblar, arxiv |
| Wikipedia | O'zbek, rus, ingliz, qoraqalpoq bo'limlari |
| O'zbek portallari | ZiyoNET, OAK avtoreferatlari, InLibrary, lex.uz va boshqalar |
| Ichki baza | Oldingi tekshiruvlarning izlari — talabadan talabaga ko'chirma |
Har bir manbaning so'rov chegarasi bor. Biror manba vaqtincha javob bermasa, tekshiruv to'xtamaydi; bu holat hisobotdagi "manbalar holati"da ko'rinadi.
3. Plagiat foizi qanday hisoblanadi
- Kamida 6 so'zli jumlalar solishtiriladi; qisqaroqlari tasodifiy moslik beradi.
- Jumla va manba 3 so'zli iboralarga bo'linadi; jumla iboralarining manbada uchraydigan ulushi — moslik darajasi.
- Moslik 30% dan past bo'lsa — jumla original hisoblanadi. 55% va undan yuqori — to'liq ko'chirma. 30–55% oralig'i aynan o'z ulushida hisoblanadi.
- Plagiat foizi = mos jumlalar uzunligi (moslik darajasi bilan) / tekshirilgan matn uzunligi. Parafraz va tarjima orqali topilgan jumlalar ham shu hisobga kiradi. Sun'iy koeffitsiyent qo'shilmaydi.
- SC1 — 5+ so'zli mos iboralar ulushi; SC2 — 25+ so'zli aniq ko'chirma parchalar ulushi (SC2 qanchalik yuqori bo'lsa, ko'chirma shunchalik aniq).
- Manipulyatsiya: matnda 20 tadan ortiq yashirin yoki almashtirilgan belgi (masalan, lotin harfi o'rniga kirill) topilsa, plagiat foiziga 15 gacha ball qo'shiladi va bu hisobotda ochiq ko'rsatiladi.
- Iqtiboslar: faqat tirnoq ichidagi matn ozod qilinadi (havola belgisining o'zi emas). Tirnoqlangan matn ulushi 30% dan oshsa, ozod qilish o'chiriladi — butun bobni tirnoqqa olib plagiatni yashirib bo'lmaydi.
- Adabiyotlar ro'yxati: ishning oxiridagi «Foydalanilgan adabiyotlar» bo'limi tahlilga kiritilmaydi — undagi kitob va maqola nomlari bazalarda so'zma-so'z bor. Bo'lim faqat alohida sarlavha bilan, hujjatning ikkinchi yarmida va ro'yxat ko'rinishida bo'lsa chiqariladi; natija sahifasi va hisobotda bu ochiq yoziladi.
- Parafraz: to'g'ridan-to'g'ri topilmagan uzun jumlalardan 18 tasi AI yordamida manbalar bilan ma'no bo'yicha solishtiriladi.
- Ichki baza: boshqa foydalanuvchining ishi bilan 15% dan katta moslik topilsa, plagiat foizi kamida shu moslik darajasida ko'rsatiladi (bu qoida bo'yicha eng ko'pi 50%). O'z ishingiz yoki aynan bir xil faylning qayta yuklanishi hisobga olinmaydi.
4. AI matn aniqlash
| Signal | Vazni | Nima o'lchaydi |
|---|---|---|
| Yaxlit baho (LLM) | 45% | Matnning umumiy uslubi bo'yicha ehtimol |
| Jumla tasnifi (LLM) | 25% | Har bir jumlaning AI ehtimoli ulushi |
| Statistik belgilar | 20% | So'z xilma-xilligi, jumla uzunligi tebranishi va h.k. |
| Uslub izchilligi | 10% | Matn bo'ylab uslubning haddan tashqari bir xilligi |
- Ikki LLM signali bir-biridan 40 balldan ko'p farq qilsa, natija "noaniq" deb belgilanadi va o'rta qiymatga yaqinlashtiriladi.
- Oltin qoida: 60% dan past ballda hech qachon "AI yozgan" degan hukm chiqarilmaydi. Zonalar: 0–20% inson, 20–40% noaniq, 40–60% shubhali, 60–80% AI ehtimoli yuqori, 80–100% yuqori ishonch.
- AI bahosi — ehtimollik, isbot emas. U plagiat foiziga qo'shilmaydi va alohida ko'rsatiladi.
5. Cheklovlar va xato ehtimoli
- Faqat ochiq manbalar tekshiriladi. Pullik bazalar, yopiq repozitoriylar va internetda e'lon qilinmagan ishlar bilan moslik topilmaydi (ichki bazaga tushganlaridan tashqari).
- Qidiruv namunaviy: hujjatdan 8 ta jumla bo'yicha manba izlanadi. Hujjatning boshqa qismi butunlay boshqa, topilmagan manbadan ko'chirilgan bo'lsa, u aniqlanmasligi mumkin.
- Kuchli qayta yozilgan (parafraz) yoki boshqa tildan tarjima qilingan matn har doim ham ushlanmaydi.
- Rasm yoki skaner ko'rinishidagi PDF (matn qatlami yo'q) tahlil qilinmaydi.
- Manbalar internetda o'zgaradi — bir hujjatni turli vaqtda tekshirish biroz farqli natija berishi mumkin.
- AI aniqlash qisqa matnlarda va inson tahrir qilgan AI matnda ishonchsiz. Har qanday AI bahosi faqat qo'shimcha ma'lumot sifatida ishlatilishi kerak.
- Yakuniy qaror — inson (ustoz, komissiya) qo'lida. Hisobot qaysi jumla qaysi manbaga mos kelganini ko'rsatadi — tekshiruvchi har birini o'zi ko'rib chiqishi mumkin.
6. Maxfiylik
Tashqi qidiruvga hujjatning faqat tanlangan jumlalari, shaxsiy ma'lumotlarsiz yuboriladi. Ichki bazaga hujjat matni emas, undan qayta tiklab bo'lmaydigan izlar (SHA-256 xeshlar) yoziladi. Hujjatlar sotilmaydi va boshqa foydalanuvchilarga ko'rsatilmaydi.
Savollar yoki xato topgan bo'lsangiz: @antiplagiat_supportbot. Maxfiylik siyosati